— Dilshod aka, professional faoliyatingiz neft-gaz yo‘nalishidan boshlanib, bugungi kunda texnik tartibga solish sohasida yuqori darajaga yetdi. Bu transformatsiya qanday yuz berdi?
— Men Toshkent davlat texnika universitetida neft va gaz ishi yo‘nalishida tahsil olganman. Keyinchalik Toshkent kimyo-texnologiya institutida neft va gazni qayta ishlash bo‘yicha magistr darajasini qo‘lga kiritdim. Amaliy faoliyat jarayonida angladimki, har qanday texnologik jarayon — xoh u neftni qayta ishlash bo‘lsin, xoh mashinasozlik — qat’iy standartlar va sifat nazoratisiz barqaror rivojlana olmaydi.
Shu sababli menejment yo‘nalishida ham ta’lim oldim. Texnik bilim va boshqaruv ko‘nikmalarining uyg‘unligi menga jarayonlarni tizimli ravishda boshqarish imkonini berdi. Sertifikatlashtirish va texnik reglamentlar sohasidagi faoliyatim aynan mana shu integratsiyalashgan yondashuv asosida shakllandi.
— 2025-yil oktyabr oyida Xitoyning yirik avtomobil zavodlarida xizmat safarida bo‘ldingiz. Ushbu tashrifning maqsadi nimadan iborat edi?
— “UzTEST” davlat muassasasi buyrug‘iga asosan 16–28 oktyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘ldik. Asosiy maqsad — Hebei va Guangzhou shaharlaridagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilarida ishlab chiqarilayotgan transport vositalarining milliy texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini baholash edi.
Biz “HEBEI CHANGAN AUTOMOBILE Co., Ltd” zavodida ishlab chiqarilayotgan N1 toifali CHANGAN avtomobillari hamda “Zhaoqing Xiaopeng Investment of New Energy Co., Ltd” (XPENG) korxonasida ishlab chiqarilayotgan M1 toifali avtomobillarni joyiga chiqqan holda baholadik.
Jarayonda ishlab chiqarish liniyalari, sifat nazorati tizimi, sinov protokollari, o‘lchov vositalarining qiyoslanganligi va ishlab chiqarish hujjatlari batafsil tahlil qilindi. Bunday vakolatning berilishi davlat tomonidan yuqori darajadagi professional ishonchni anglatadi.
— Xitoy tajribasidan sizni eng ko‘p hayratlantirgan jihat nima bo‘ldi?
— Ularning sifatga bo‘lgan tizimli yondashuvi. Sifat nazorati yakuniy mahsulot bosqichida emas, balki detallar ishlab chiqarish jarayonidan boshlanadi. Laboratoriya sinovlarining avtomatlashtirilganligi, hujjatlashtirish aniqligi va ishlab chiqarish intizomi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan.
2019-yilda ham Xitoyda standartlashtirish va sertifikatlashtirish bo‘yicha seminarda ishtirok etganman. Bu safargi tashrif esa amaliy jihatdan yanada chuqurroq tajriba almashish imkonini berdi.
— Siz ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullanasiz. Bu amaliy ishingizga qanday ta’sir qiladi?
— Ilmiy yondashuv bo‘lmasa, amaliy faoliyat uzoq muddatli samaradorlik bermaydi. Qayta tiklanuvchi energiya va neft-gaz sanoati integratsiyasi, investitsiya samaradorligi, hamda saqlash va tashish texnologiyalari bo‘yicha ilmiy maqolalar chop etganman.
Hozirda “Eurasian Journal of Entrepreneurship and Pedagogy” ilmiy jurnalining tahrir hay’ati a’zosiman. Bu esa menga xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi tendensiyalarni yaqindan kuzatish va boshqa tadqiqotchilar ishlarini baholash imkonini beradi.
— Yosh mutaxassislarga qanday tavsiyalar berasiz?
— Eng avvalo, fundamental bilimlarni chuqur egallash zarur. Xalqaro standartlar — bu global professional til. ISO talablarini bilgan mutaxassis dunyoning istalgan nuqtasida faoliyat yurita oladi.
Ikkinchidan, sifatdan voz kechmaslik kerak. Tezkor natija vaqtinchalik bo‘lishi mumkin, ammo sifat uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydi.
Dilshod Pattaxovning professional faoliyati shuni ko‘rsatadiki, texnik bilim, boshqaruv tajribasi va xalqaro standartlar uyg‘unligi milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda muhim omildir. Uning “UzTEST” tizimidagi faoliyati nafaqat sanoat va eksport salohiyatini mustahkamlashga, balki iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Muallif: Sher-Ali Bo'riboyev
Комментарии